2025-yil 24-fevral — Infratuzilmani rivojlantirish, biznes va foydalanuvchilar uchun yangi mahsulotlarni ishga tushirish va servislar sinergiyasini kuchaytirish tufayli yil davomida Uzum foydalanuvchilari soni 60 foizdan ko‘proqqa oshdi. Bugungi kunda ekotizim servislaridan mamlakatning 16 milliondan ortiq aholisi foydalanadi. 2024-yilda ekotizimning sof foydasi o‘tgan yilga nisbatan 50% ga oshib, 150 million dollarni tashkil etdi.
O‘sish drayverlaridan biri fintex-servislarning rivojlanishi bo‘ldi. 2024-yilda ajratilgan muddatli to‘lovlar va mikroqarzlarning umumiy hajmi yiliga 2,7 barobarga oshib, $421 mlnga yetdi, Uzum Nasiya kredit portfeli hajmi esa 2024-yilda ikki barobardan ko‘proqqa oshdi. Yil oxirida Uzum Bank qayta tiklanadigan limitga ega Visa xalqaro to‘lov tizimidagi Uzum kartasini ishga tushirdi, limitndan mijozlar mikroqarzlar yoki hamkorlardan muddatli to‘lov bilan xaridlar uchun foydalanishlari mumkin. 4-chorak oxiriga kelib, bank 700 mingdan ortiq Uzum kartalarini muomalaga chiqardi va 2025-yil oxirigacha kartalar chiqarishni bir necha marta oshirishni rejalashtirmoqda.
Mana 3 yildirki, biz mamlakatimiz iqtisodiyotining ulkan salohiyatini tasdiqlab kelmoqdamiz — faqatgina so‘nggi bir yil ichida bizning e-commerce yo‘nalishimiz aylanmasi 2 baravardan ko‘proqqa oshdi, kredit portfeli ham karrasiga o‘smoqda, shu jumladan, marketpleys va fintex-yo‘nalishi sinergiyasi hisobiga. Shunday qilib, Uzum Market umumiy aylanmasida o‘z fintex-servislari orqali to‘lovlar ulushi deyarli 50 foizni, Uzum Tezkor aylanmasida esa 30% dan ortiqni tashkil etadi. Shu bilan birga, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mikromoliya tashkilotlari onlayn kreditlarining 50 foizdan ortig‘i Uzum servislariga to‘g‘ri keladi. Mamlakatimiz aholisi uchun qulay va yuqori texnologik servislarni rivojlantirish orqali biz mamlakatimizning barcha hududlarida yangi ish o‘rinlarini yaratmoqdamiz, tadbirkorlarga onlayn rejimga o‘tishga va o‘z biznesini rivojlantirishga yordam bermoqdamiz. O‘tgan yil davomida biz ekotizim kompaniyalarida 3000 ga yaqin ish o‘rinlarini yaratdik va mamlakatning eng yirik soliq to‘lovchilaridan biriga aylandik.
Ekotizimning butun e-commerce segmenti aylanmasi (GMV) yiliga 2,4 barobarga o‘sib, 345 million dollarga yetdi. Uzum Marketdagi buyurtmalar soni yillik taqqoslashda ikki baravar ko‘payib, 19 millionga yetdi, bunda buyurtmalarning qariyb 60 foizi hududlar hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘sish templarini saqlab qolish uchun Uzum Market logistika infratuzilmasini faol ravishda kengaytirmoqda: o‘tgan yili marketpleys onlayn savdo uchun Markaziy Osiyodagi eng yirik logistika majmuasini ishga tushirdi, bunda topshirish punktlari tarmog‘i deyarli 3 barobarga o‘sdi va butun mamlakat bo‘ylab 1000 ga yaqin punktlarni o‘z ichiga oladi. Platformaning ko‘p toifali assortimentini butun mamlakat bo‘ylab 14 mingga yaqin sotuvchi-tadbirkorlar shakllantirmoqda.
Uzum Tezkor tezkor yetkazib berish servisi 2024-yilda mamlakatdagi geografiyasi bo‘yicha eng yirigiga aylandi — dekabr oyi oxirida servis O‘zbekistonning 18 ta shahrida mavjud edi. Platformaning noyob foydalanuvchilari soni dekabr oyida yildan-yilga 4 baravarga oshdi. Buyurtmalar soni yillik taqqoslashda 6 barobardan ziyod o‘sdi.
Uzum — jismoniy shaxslar va kichik va o‘rta biznes uchun fintech, e-commerce va bank servislarini birlashtirgan O‘zbekiston raqamli ekotizimi: marketpleys, ekspress-yetkazib berish servisi, klassik va raqamli banklar, BNPL-servisi, avtomobil sotib olish platformasi, shuningdek, tadbirkorlar uchun ilova. Uzum servislaridan har oyda O‘zbekistonning 16 million aholisi foydalanadi.