Uzum milliy raqamli ekotizimi obligatsiyalarning ikkinchi chiqarilishini tayyorlayotganini e’lon qildi. Yangi chiqarilish hajmi birinchisidan ancha katta bo’lib, umumiy summa 400 milliard so’mni tashkil etadi. Ikkinchi chiqarilish muvaffaqiyatli debyut joylashtirishning davomi bo’lib, kompaniyaning qarz kapitali bozoridagi o’rnini mustahkamlashga va mamlakatda investitsiya vositalarining mavjudligini oshirishga qaratilgan.
Chiqarilish bo’yicha kupon stavkasi 24% ni tashkil etib, obligatsiyalarning muomalada bo’lish muddati 2 yil. Ikkinchi chiqarilishdagi obligatsiyalarning nominal qiymati 100 million so’m etib belgilangan, bu ularni nafaqat yirik institutsional, balki xususiy investorlar uchun ham jozibador qiladi. Joylashtirish “TOSHKENT” Respublika fond birjasida amalga oshiriladi.
Obligatsiyalarning birinchi joylashtirilishi investorlarning yuqori qiziqishini va bozorning yangi vositalarga tayyorligini tasdiqladi. Ikkinchi chiqarilish ushbu jarayonning mantiqiy davomidir. Biz institutsional va xususiy investorlar tomonidan barqaror talab mavjudligini ko’rmoqdamiz. Bizning obligatsiyalarimiz bugungi kunda daromadlilik, likvidlilik va risk darajasi nisbati bo’yicha bozordagi eng muvozanatli vositalardan biridir. Biz nafaqat biznesning o’sishiga, balki O’zbekistonning investitsiya madaniyati va kapital bozorini rivojlantirishga intilamiz.
Uzum — jismoniy shaxslar hamda kichik va o’rta biznes uchun fintech, e-commerce va bank xizmatlarini birlashtirgan O’zbekiston raqamli ekotizimidir. U o’z ichiga marketpleys, tezkor yetkazib berish xizmati, an’anaviy va raqamli banklar, BNPL xizmati, avtomobil sotib olish platformasi, shuningdek, tadbirkorlar uchun ilovani oladi. Uzum xizmatlaridan har oyda O’zbekistonning 20 milliondan ortiq aholisi foydalanadi.